Аннотация
Bolalar urologiyasida jarrohlik amaliyotlari vaqtida va operatsiyadan keyingi davrda samarali og‘riqsizlantirishni ta’minlash zamonaviy anesteziologiyaning dolzarb yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bolalar organizmining anatomik, fiziologik va farmakologik xususiyatlari, og‘riqni qabul qilish hamda unga javob reaksiyalarining yoshga bog‘liq o‘ziga xosligi perioperativ analgeziya usullarini individual tanlashni talab etadi. Yetarli darajada nazorat qilinmagan og‘riq simpatik nerv tizimi faollashuviga, yurak urish tezligi va arterial bosimning o‘zgarishiga, stress reaksiyasining kuchayishiga, uyqu va ovqatlanishning buzilishiga hamda operatsiyadan keyingi tiklanish jarayonining sekinlashishiga olib kelishi mumkin.