Abstract
Yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamonida har bir sohani tubdan rivojlantirish va takomillashtirish, aholi manfaatlari va qadrini yuksak darajaga ko‘taradigan tizimni shakllantirish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu qatorda nizolarni muqobil hal etish yo‘lida hakamlik sudlari, mediatsiya va arbitraj sudlarining huquqiy mavqeyi tobora kengaymoqda. Xususan, hakamlik sudlaridagi mavjud muammolarni bartaraf etish hamda ularning faoliyat olib borish mexanizmini jahon standartlariga mos ravishda tartibga solish juda ham muhim. Chunki hakamlik jarayonlari fuqarolik va iqtisodiy faoliyatdagi mavjud nizo va boshqa shu kabi muammolarni tez hamda samarali hal qilish uchun yaratilgan huquqiy institut hisoblanadi. Binobarin, hozirgi kunda mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish zaruratida hakamlik sudi institutini keng rivojlantirish nihoyatda muhimdir. Mazkur ilmiy maqola O‘zbekiston Respublikasida hakamlik sudining tarkibini shakllantirishdagi mavjud muammolar hamda ularni to‘g‘ri shakllantirish, hakamlik sudi sudyalarining sohaga oid bilim va malakalarini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarurligi hamda qonunchilikdagi bunga mavjud zaruratlarni bartaraf etish yuzasidan taklif va qo‘shimchalar berishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda hakamlik sudlarining funksiyalari, ularni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan metod va usullar hamda bu borada davlat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil tahlil qilinadi.